Qaror bilan Notarial okrugdagi notariuslar lavozimlarining eng kam sonini belgilash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

kelishuv shartnoma pechat
Foto: “O‘zstandart” agentligi axborot xizmati

Unga ko‘ra, notarial okrugda xususiy notariuslar soni tegishli okrugda notariuslar lavozimlarining belgilangan eng kam sonidan kam bo‘lgan taqdirda davlat notariusi lavozimi ta’sis etiladi.

Notarial okrugda notariuslar lavozimlarining eng kam soni Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Notarial okrugda xususiy notariuslar soni cheklanmagan miqdorda tashkil etilishi mumkin.

Har bir notarial okrugda kamida bitta notarius faoliyat yuritishi shart. Notariuslar lavozimlarining eng kam sonini belgilashda quyidagi mezonlar hisobga olinadi:

Notarial okrug notariuslari tomonidan oxirgi 3 yilda amalga oshirilgan notarial harakatlarning o‘rtacha oylik soni (bitta notariusga 300-400 notarial harakat);
Notarial okrugdagi aholi soni:
• Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlari chegaralarida belgilangan notarial okruglarda – 10 mingdan ko‘p bo‘lmagan aholiga bir notarius;
• viloyat bo‘ysunishidagi shaharlar chegaralarida belgilangan notarial okruglarda – 25 mingdan ko‘p bo‘lmagan aholiga bir notarius;
• qishloq tumanlari chegaralarida belgilangan notarial okruglarda – 30 mingdan ko‘p bo‘lmagan aholiga bir notarius.