Foto: Tradeunionict.uz

Dekabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazilgan. Bunda 108 ta shahar va tuman aholisi ishtirok etgan.

Tadqiqot natijalariga koʻra, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9,0 foizni tashkil etgan, bu esa 2018 yilga nisbatan 0,3 foizga pasayganligini koʻrsatgan.

2019 yilda mehnat resurslari soni 19 milliondan oshiqroq kishiga yetdi, Iqtisodiyot tarmoqlarida band boʻlganlar soni 13, 5 million kishini tashkil qildi.

2019 yilda ilk bor rasmiy sektorda band aholi soni 2018 yilga nisbatan 3,7 foizga koʻpayib, 5,7 million kishini tashkil qildi.

Norasmiy sektorda band boʻlganlar soni (mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) 5, 37 million kishini tashkil etdi. Ish oʻrinlarini legallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida norasmiy vaqtinchalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar 19,6 mingga, roʻyxatdan oʻtmasdan va tegishli ruxsatnomasiz faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlar 42,8 mingga kamaygan.

2019 yilda iqtisodiy nofaol aholi sonining kamayishi kuzatildi. Jumladan, ishlashni xohlamayotganlar yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yoʻqlar 73,9 mingga yoki 9,6 foizga kamaygan, bu esa aholining mehnat va tadbirkorlik faolligi ortganligini bildiradi.

2019 yilda tuman (shahar) Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga 773,4 ming fuqaro ish topishga yordam soʻrab murojaat qilgan (ular orasida 30 yoshgacha boʻlganlar soni 218 ming nafarni tashkil etgan). Murojaatchilarning 356,9 ming nafari ish bilan taʼminlandi. 263,2 ming kishi jamoat ishlariga, 36,7 ming nafar fuqaro kasbga oʻqitishga jalb qilindi. 57,9 ming nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

Maʼlumotlar 2019 yilning dekabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan mamlatkatning 485 ta fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xoʻjaligi va 25,8 ming nafar fuqaro qamrab olingan ijtimoiy soʻrovnoma davomida yigʻilgan. Bunda 108 ta shahar va tuman aholisi ishtirok etdi.