Avval xabar qilganimizdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlarni izchil amalga oshirmoqda.

Foto: Google

Shu yilning 15 mart kuni soat 05:15 da “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga qarashli Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan bir nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi haqida xabar bergan edik. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Istanbuldan mazkur reys bilan birga kelgan bemorning turmush o‘rtog‘i va yana bir fuqaroda ham ushbu infeksiya tasdiqlangan.

Ayni paytga kelib, ushbu infeksiya aniqlangan bemorlar soni 10 nafarga yetdi. Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan ushbu bemorlarning ahvoli hozircha qoniqarli bo‘lib, shifokorlar tomonidan standartlar asosida davolash muolajalari olib borilmoqda.

Infeksiya tarqalib ketishining oldini olish maqsadida olib borilayotgan epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Koronavirusdan saqlanish uchun har bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:

•    avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha to‘liq ma’lumotlardan xabardor bo‘ling!

•    zarurat bo‘lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!

•    qo‘llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!

•    farazandlaringizning qo‘l yuvishini doimiy nazoratga oling!

•    yuz-ko‘zingizni notoza qo‘l bilan ushlamang!

•    uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

•    odamlar oldida yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni dastro‘mol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing!

•    shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!

•    ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste’mol qiling, iste’mol qilinayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!

•    isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qiling!

Eng asosiysi shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

Agarda sizda COVID-19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shimcha savol tug‘ilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.