Mamlakatimizda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, “O‘zbekkino” Milliy agentligi bir qator muhim kinoloyihalarni amalga oshirishni to‘xtatmoqda.

Foto: “O‘zbekkino” Milliy agentligining axborot xizmati

Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Boburiylar sulolasi haqidagi kinoserial (Hindiston), “Kichkina Muk” oilaviy badiiy filmi (Rossiya), “Mister Nokaut” sport-dramasi (Rossiya), Farhod Mahmudov rejissyorligidagi “Parining sovg‘asi” ertak-filmi, Bi-bi-Si buyurtmasiga binoan, Abu Ali Ibn Sino faoliyati haqida suratga olinishi mo‘ljallangan hujjatli film, Malayziyaning RTM telekompaniyasi hamkorligidagi, Imom al-Buxoriy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan 10 qismli hujjatli fil’m shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan mamlakatimizdan tashqarida suratga olinayotgan barcha filmlar va seriallarni tasvirga olish ishlari noma’lum muddatga ko‘chirildi.

Qolaversa, 2020 yilning 27 – 29 mart kunlari mamlakatimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Yapon kinosi kunlari”, shuningdek, aprel oyiga mo‘ljallangan “Nemis kinosi kunlari” doirasidagi “Shlingel” (“Shum bola”) festivali hamda “Tatar kinosi kunlari” ham vaqtincha qoldiriladi.

– Xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikda suratga olinishi mo‘ljallangan kinoloyihalarning umumiy qiymati taxminan 25 million AQSh dollariga teng. Ayni paytda barcha hamkorliklarimiz vaziyatni tushungan holda, taklifimizni to‘g‘ri qabul qilib, koronavirus xavfi bartaraf etilishi va hamkorlikdagi ishlarimiz tiklanishini kutishmoqda” – deydi “O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.