Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Foto: Google

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar 8 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Shu yilning 15 mart kuni Virusologiya ilmiy tekshirish instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida, shuningdek, uning o‘g‘li va qizi, turmush o‘rtog‘i va nabirasida koronavirus infeksiyasi aniqlanganini xabar qilgan edik.

Olib borilgan tahlil natijalariga ko‘ra, ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan qarindoshida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

Bundan tashqari, joriy yilning 14 mart kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga qarashli London–Toshkent yo‘nalishidagi 201- reys bilan kelgan yurtimiz fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 15 mart kuni soat 05:15 da “O‘zbekiston havo yo‘llari” avia kompaniyasiga qarashli Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida ham ushbu infeksiya qayd etilgan edi.

Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati olinib, ularning salomatligi ustidan ham tibbiy nazorat o‘rnatildi.

Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Koronavirusdan saqlanish uchun har bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:

•    avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha to‘liq ma’lumotlardan xabardor bo‘ling!

•    zarurat bo‘lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!

•    qo‘llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!

•    farazandlaringizning qo‘l yuvishini doimiy nazoratga oling!

•    yuz-ko‘zingizni notoza qo‘l bilan ushlamang!

•    uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

•    odamlar oldida yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni dastro‘mol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing!

•    shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!

•    ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste’mol qiling, iste’mol qilinayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!

•    isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qiling!

Eng asosiysi shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

Agarda sizda COVID-19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shimcha savol tug‘ilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.