“O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan Navro‘z bayrami arafasida Respublika kinoprokati markazining Qashqadaryo filialiga zamonaviy maxsus jihozlangan 2 ta Damas avtomashinasi sovg‘a qilindi.

Foto: “O‘zbekkino” Milliy agentligining axborot xizmati

Ushbu avtomobillar viloyatning chekka hududlaridagi aholiga xizmat ko‘rsatish uchun sovg‘a sifatida berildi.

Bu haqida dastlab Bosh direktor Firdavs Abduxalikovning Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan xizmat safarida aytib o‘tilgan edi.

“O‘zbekkino” Milliy agentligining sovg‘asini Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzaevga “O‘zbekfil’m” davlat kinostudiyasi direktori Fotih Jalolov topshirdi.

Delegasiya tarkibida taniqli aktyorlar Boir Xolmirzaev, Alisher Otaboev, Ma’rifat Ortiqova, Muhammadali Abduqunduzov, Tesha Mo‘minov, Fatxulla Ma’sudov, Akrom Ma’sudov, Zuhra Ashurova, Lola Eltoeva va Farhod Abdullaevlar ishtirok etishdi.

Shuningdek, kelgusida Qashqadaryo viloyatidagi tuman va shaharlar madaniyat markazlari zamonaviy kinojihozlar bilan ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati tomonidan “COVID – 19” koronavirusi tarqalishining oldini olish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan mamlakatdagi barcha kinoteatrlar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.