Rossiyaning “Ural Airlines” kompaniyasi koronavirus bilan bogʻliq vaziyat yuzaga kelganligi sabab 31 martga qadar Oʻzbekistonga parvozlarni toʻxtatib qoʻymoqda. Bu haqida aviakompaniya matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Foto: Sputnik

Xabarda yozilishicha, aviakompaniya 16 martdan 31 martga qadar Jukovskiy aeroportidan Toshkent va Samarqandga, Domodedovo aeroportidan Qarshi, Pulkovo (Sank-Peterburg) aeroportidan Namanganga parvozlarni amalga oshirmaydi.

Shuningdek, 17 martdan 31 martga qadar Domodedovodan Namangan, Navoiy, Urganch, Fargʻona, Jukovskiydan Qarshiga va Koltsovodan (Yekateringburg) dan Toshkentga parvozlarni vaqtincha toʻxtatib qoʻyadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq “Aeroflot” aviakompaniyasi koronavirus tufayli Toshkent, Buxoro va Samarqandga amalga oshiriladigan reyslarni bekor qilishga qaror qilgani xabar berilgan edi.