Bugun, 16 mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan Prezidentimizning alohida ko‘rsatmasiga muvofiq koronavirusning oldini olish chora-tadbirlariga ko‘maklashish maqsadida Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqida O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O’zA

Insonparvarlik yordam yuborish to‘g‘risida joriy yilning 12 martida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi imzolangan edi.

“Eron Islom Respublikasi hukumati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yangi koronavirus COVID – 19 kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan tibbiy buyumlar va vositalar bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaat qilgan edi, deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev.

Foto: O’zA

Eronga steril tibbiy qo‘lqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalari singari umumiy og‘irligi qariyb yetti tonnaga yaqin bo‘lgan tibbiy buyumlar insonparvarlik yordami sifatida yuborildi. Bunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonparvarlik yukini shakllantirish va yetkazib berish uchun mas’ul etib belgilangan edi. Yukni kuzatib borish va topshirish uchun Eronga vazirlikning ikki nafar harbiy vrach mutaxassisi jo‘nab ketdi.

Eronda qolib ketgan 14 nafar yuk tashuvchi haydovchi, shuningdek, tadbirkor, talaba va boshqa o‘zbekistonliklar olib kelinadi.

Ta’kidlanishicha, ular va samolyot ekipaji a’zolari qaytib kelgach, belgilangan tartibda malakali shifokorlar, soha mutaxassislari nazorati ostida ikki hafta karantinda saqlanadi.

Eslatib o’tamiz, O‘zbekiston hukumati ikki marta Xitoy Xalq Respublikasiga insonparvarlik yordamini yuborgandi.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.