Oliy martabali amerika delegatsiyasi 9 may kuni oʻtkaziladigan Gʻalabaning 75 yilligi bayramida ishtirok etish uchun Moskvaga tashrif buyuradi, agar Rossiyaning koronavirus atrofidagi vaziyat tufayli tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq rejalari  oʻzgarmasa, deya maʼlum qildi AQSH elchisi Jon Sallivan. Bu haqida “Sputnik” xabar bermoqda.

Foto: RIA novosti

“Men bugungi kunda AQSH delegatsiyasidan kimlar oʻrin olishi haqida hech qanday qoʻshimcha qilolmayman. Ammo ishontirib aytishim mumkinki, AQSH prezidenti va uning administratsiyasi istagi bu – agar 9 may kuni tadbirlar Rossiya hukumatining dastlabki rejasiga muvofiq oʻtkazilsa, u holda AQShning oliy martabali delegatsiyasi bu tadbirga tashrif buyuradi”, – degan Sallivan “Kommersant” nashriga bergan intervyusida.

Elchi Qoʻshma Shtatlar oʻsha yillar – “75 yil muqaddam ittifoqdoshlarning natsist Germaniyasi va Yaponiya ustidan qozonilgan gʻalaba”si voqeasiga oʻta jiddiy va masʼuliyat bilan qarashini qayd etgan.

“Bayramni nishonlash uchun sabab bor, bu juda muhim sana. Hozircha, koronavirus tufayli, nimanidir prognozlashtirish qiyin, lekin bayram avvaldan rejalashtirilgani kabi 9 may kuni boʻlib oʻtsa, u holda, ishtirokchilar orasida AQShdan ham oliy martabali delegatsiyani koʻrasizlar”, – degan elchi.

U shuningdek, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat tufayli, Qoʻshma Shtatlar koʻplab tadbirlarni bekor qilishga majbur boʻlganligini qoʻshimcha qilgan. Kollejlar oʻrtasida oʻtkaziladigan anʼanaviy basketbol chempionati shular jumlasidan.

“Ammo biz fuqarolarimizni himoyalash uchun nimaiki lozim boʻlsa, amalga oshiramiz. Rossiya hukumati ham xuddi shunday ish tutadi va oʻz fuqarolari uchun qaygʻuradi. Bu bizning prezidentimiz uchun ustuvor va mening bilishimcha, Rossiya rahbariyati uchun ham xuddi shunday”, – deb aytgan amerikalik diplomat.

Sal oldin prezident Vladimir Putinning matbuot-kotibi Dmitriy Peskov Kreml amerika prezidenti Donald Tramp Gʻalaba yubileyi bayramiga Moskvaga kelmasligi haqida xabar olganligini maʼlum qilgandi. Moskva tomoni AQSH bu tadbirga qanday darajadagi delegatsiyani yuborishidan bexabar.