O‘zbekiston Respublikasi hukumat rahbariyatining topshirig‘iga binoan, joriy yil 16 martdan barcha ta’lim muassasalarida, jumladan, kollej, litsey va oliy ta’lim muassasalarida muddatdan oldin ta’til e’lon qilindi va o‘qishlar to‘xtatildi. Shuni inobatga olgan holda talabalar va yo‘lovchilarning o‘z vaqtida manzillariga yetib olishni ta’minlash bo‘yicha Transport vazirligi zarur choralarni ko‘rmoqda. Bu haqida vazirlikning axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Xususan, “Toshkent” avtovokzalidan kuniga shaharlararo 17 ta yo‘nalish bo‘yicha 35 ta qatnov orqali 1800 nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, yo‘lovchilar oqimining birdan ortishi sabab bugunning o‘zida “Uzautotrans service” koroxonasi yana qo‘shimcha 35 ta qatnovni yo‘lga qo‘ydi. Jami 70 ta qatnov orqali hozirda 4000 ga yaqin yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Respublikamiz viloyatlariga boruvchi yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Toshkent” avtovokzali 24 soat davomida faoliyat yuritmoqda. Yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda “Toshkent” avtovokzalidan shaharlararo yo‘nalishlarda yana qo‘shimacha avtobuslar qatnovi joriy etilishini ma’lum qilamiz, deyiladi xabarda.