Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O‘zbekistonda ilk koronavirusga chalingan bemorning holati haqida xabar berdi. Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 mart sanasida Fransiyadan qaytgan ayolda koronavirus alomatlari aniqlangani xabar qilingan edi.

Foto: Xabar.uz

«Ushbu kasallik aniqlangan fuqaro — Toshkent shahridan. U Fransiyaga borgan va qaytib kelgach, kasallik aniqlangan.

U ikki marotaba tekshiruvdan o‘tkazildi va laborator usulda tasdiqlandi. Shundan so‘ng uning 10 nafar oila a’zolari virusologiya institutining maxsus izolyatorlariga yotqizildi.

Bundan tashqari, fuqaro bilan samolyotda birga uchgan, undan keyingi — ish joyida muloqotda bo‘lganlarning barchasini karantinga olish ishlari davom etyapti. Ya’ni, biz kasallik yuqishi mumkin bo‘lganlarni izolyasiya qilish choralarini ko‘ryapmiz.

Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli. Bezovtalik yo‘q, tana harorat ko‘tarilgani yo‘q. Faqatgina tomog‘ida ozgina qichishish belgilari bor», — dedi Shodmonov.

Koronavirusdan saqlanish uchun har bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:

•    avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha to‘liq ma’lumotlardan xabardor bo‘ling!

•    zarurat bo‘lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!

•    qo‘llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!

•    farazandlaringizning qo‘l yuvishini doimiy nazoratga oling!

•    yuz-ko‘zingizni notoza qo‘l bilan ushlamang!

•    uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

•    odamlar oldida yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni dastro‘mol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing!

•    shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!

•    ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste’mol qiling, iste’mol qilinayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!

•    isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qiling!

Eng asosiysi shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

Agarda sizda COVID-19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shimcha savol tug‘ilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.