2020 yilning 16 mart kunidan Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun taʼtil eʼlon qilingani haqida xabar berilgan edi. Shu munosabat bilan oʻqituvchilar ishga chiqishlari kerakmi degan savollar tushmoqda, deya xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish va taʼlim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash yuzasidan respublika maxsus komissiyasi tomonidan davlat va xususiy tashkilotlar ish faoliyatiga oʻzgartirish haqida qaror qabul qilinmagan. Faqatgina ular tomonidan tashkil etiladigan tadbirlar, majlislar va yigʻilishlarga cheklovlar kiritilgan.

Tashkilotlar va ularning xodimlari ish tartibiga hech qanday oʻzgarishlar kiritilmadi. Bundan kelib chiqib oʻqituvchilar oʻquvchilar uchun eʼlon qilingan taʼtil davrida oʻz faoliyatlarini davom ettiradilar. Bunda oʻqituvchilar bahorgi taʼtil kunlariga rejalashtirgan ishlarini amalga oshirib, pedagogik yuklamalar doirasida faoliyat (misol uchun, metodologik va tayyorgarlik ishlari) yuritishadi, xodimlarning oilaviy sharoitidan kelib chiqib, zaruriyatga koʻra pedagogik yuklamalarini masofaviy tarzda bajarilishiga imkon beriladi.

Eʼlon qilingan taʼtil davri uchun belgilangan yuqoridagi tartib mehnatiga soatbay haq toʻlanadigan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. 

Shu bilan birga taʼlim muassasalarining asosiy xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat qonunchiligi doirasida xohish istaklariga koʻra, belgilangan mehnat taʼtilining bir qismini olishlari mumkin.