Bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda “COVID – 19” koronavirus kasalligining ilk holati aniqlangani sababli 2020 yilning 16 martidan e’tiboran O‘zbekiston barcha xorijiy davlatlar bilan avia va avto qatnovlarni to‘xtatishi hamda barcha ommaviy tadbirlar bekor qilinishiga oid ma’lumotlar berildi.

Foto: Nuz.uz

Temir yo‘l orqali yo‘lovchi tashishga esa uch kun davomida ruxsat beriladi. Ushbu qaror ayni vaqtda Rossiya va boshqa davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston poyezdlarining qaytib kelishi bilan bog‘liq.

Shu munosabat bilan ayni damda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan xorijiy sayyohlar tartib bilan, maxsus reyslar orqali o‘z yurtlariga qaytarilishini ma’lum qilamiz.

O‘z o‘rnida, hozirda chet davlatlarida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ham maxsus reyslar bilan mamlakatimizga qaytariladi. Ularning bari  ma’lum muddat karantin rejimida bo‘ladi.

Turizm sohasida faoliyat yurituvchi barcha biznes vakillaridan bunday vaziyatda vahimaga tushmaslikni so‘rab, barcha masalalar O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan birga hamjihatlikda hal qilinishini ma’lum qilamiz.