Bugun koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qat’iy choralar belgilandi, deb xabar bermoqda Sog’liqni saqlash vazirligi.

SSV sog'liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Jumladan, yurtimizdagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari hamda oliy o‘quv yurtlariga joriy yil 16 mart kunidan boshlab ta’til beriladi.

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekistonda Navro‘z umumxalq sayllari ham bekor qilinadi. Ommaviy marosimlar, jumladan, uloq-ko‘pkari, kurash va boshqa odamlar ko‘p to‘planadigan tadbirlar vaqtincha o‘tkazilmaydi. Barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida majlislar o‘tkazish ham vaqtincha to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, ertadan boshlab O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan avia va avtomobil’ qatnovlari to‘xtatiladi. Yurtimiz fuqarolarining chet davlatlarga chiqishi, chet davlat fuqarolarining mamlakatimizga kirishi taqiqlanadi. Chet davlatlardagi o‘zbekistonliklarning qaytishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Hukumat karantin vaqtida narx-navoni asossiz oshirish holatlariga qarshi keskin choralar ko‘radi. Bunga Bosh prokuratura huzuridagi departament ham Davlat soliq qo‘mitasi jalb qilingan. Oziq-ovqat va boshqa zaxiralar yetarli darajada g‘amlangan.

Shuningdek, karantin vaqtida yolg‘on va tekshirilmagan hamda odamlarda vahima uyg‘otadigan xabarlar tarqatgan shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi.

Hozirda epidemiologik surishtiruv hamda kasallikni tarqalib ketmasligi uchun profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda.