16 martdan e’tiboran O‘zbekiston barcha mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni to‘xtatadi. Bu haqida bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Foto: Uzbekistan airways

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning qayd etishicha, 16 martdan boshlab barcha mamlakatlar fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi taqiqlanadi. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqishiga ham taqiqlar joriy etiladi.

Mazkur taqiqlar avtobus orqali kirish-chiqishga ham tegishli. Bosh vazirning ma’lum qilishicha, temir yo‘l transporti orqali yo‘lovchilarni tashishga hozircha taqiq qo‘yilmagan. Ularga 3 kun muhlat berilgan. Mamlakat tashqarisidagi barcha poyezdlar kirib kelgach, ushbu taqiq temir yo‘lga ham joriy etiladi. 

Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni istagiga ko‘ra olib kelish choralari ko‘riladi, buning uchun maxsus charter reyslar joriy etiladi. Xorijiy mamlakatlardan kelgan fuqarolar o‘sha zahoti karantinga olinadi. 

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.

Ma’lumot uchun, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 156 740 kishi koronavirusga chalingan, ularning 5839 nafari vafot etgan, 75 935 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.