Avvalroq O‘zbekistonda 15-mart kuni soat 6:00 da koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgani, bemor o‘zbekistonlik ayol ekani haqida xabar berilgan edi.

Foto: O’zA

Vaziyatni nazorat qilish, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishdan so‘ng o‘tkazilgan brifingda jurnalistlarga ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda Navro‘z umumxalq sayllari o‘tkazilmaydi. Shuningdek, ommaviy marosimlar, jumladan, uloq-ko‘pkari, kurash va boshqa odamlar ko‘p to‘planadigan tadbirlar vaqtincha bekor qilinadi.

Koronavirusdan saqlanish uchun har bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:

•    avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha to‘liq ma’lumotlardan xabardor bo‘ling!

•    zarurat bo‘lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!

•    qo‘llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!

•    farazandlaringizning qo‘l yuvishini doimiy nazoratga oling!

•    yuz-ko‘zingizni notoza qo‘l bilan ushlamang!

•    uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

•    odamlar oldida yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni dastro‘mol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing!

•    shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!

•    ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste’mol qiling, iste’mol qilinayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!

•    isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qiling!

Eng asosiysi shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

Agarda sizda COVID-19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shimcha savol tug‘ilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.