Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Murojaatda, shunday deyiladi:

“So‘nggi haftalarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, qayerda bo‘lishidan, yoshi yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, Xitoyda 2019-nCoV koronavirusi yoyilgani munosabati bilan bu mamlakatdan vatandoshlarimizni yurtimizga qaytarish jarayonlarini katta hayajon bilan kuzatib bordi.

Fursatdan foydalanib, avvalo Xitoy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga va ularning yaqinlariga ushbu murakkab damlarda qat’iyat va sabr-toqat, yuksak madaniyat va o‘zaro hamfikrlilik tuyg‘ularini namoyon etganliklari uchun samimiy minnatdorlik izhor etamiz. Ko‘plab vatandoshlarimizning ayni fazilatlari juda qisqa muddatlarda oldimizga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun muhim zamin yaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy e’tibori va mamlakat Hukumatining qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va elchixonamizning O‘zbekiston va Xitoydagi tegishli vazirlik hamda idoralar bilan birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida 600 nafar hamyurtimizni vatanga olib kelish bo‘yicha juda aniq va har tomonlama puxta ishlar amalga oshirildi.

Qat’iy karantin sharoitida qisqa muddatda Xitoy tomoni bilan tegishli muzokaralar olib borildi, Toshkentga charter reyslarini tashkil etish bo‘yicha barcha masalalar mumkin qadar qisqa davr ichida kelishildi va hal etildi, Xitoyning o‘nlab shahar va provinsiyalaridan Uxan va Pekin shaharlariga barcha talaba yoshlarimiz safarbar qilindi.

E’tiborli tomoni, O‘zbekiston nafaqat koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahridan, balki Xitoyning qator chekka mintaqalaridan o‘z fuqarolari evakuatsiyasini tashkil qilgan kam sonli davlatlardan biri bo‘ldi. Yurtdoshlarimizni kerakli manzilga yetkazish ishlari Xubey provinsiyasining alohida karantin tartibi joriy etilgan boshqa shaharlaridan (Xuanshi, Szyanan, Ichan, Lichuan, Szinmen) ham amalga oshirildi.

Shaxsiy xavfsizlik va salomatlikni ta’minlash choralari bo‘yicha zarur amaliy tavsiyalar hamda evakuatsiya tadbirlarining har bir bosqichi to‘g‘risidagi muntazam axborotlar tayyorlanib, ular Xitoyning WeChat messenjeri, boshqa ijtimoiy tarmoqlar va O‘zbekiston OAV orqali tarqatildi. Bir vaqtning o‘zida elchixona xodimlari tomonidan O‘zbekistonga uchish arafasida o‘nlab vatandoshlarimiz bilan yuzaga kelgan konsullik-huquqiy, registratsiya-viza va boshqa muammolar tezkor tarzda hal qilindi.

O‘zbekiston fuqarolarini Uxan shahridan olib chiqib ketish maqsadida elchixona Xubey provinsiyasi hamda mahalliy oliy o‘quv yurtlari ma’muriyatlari bilan birgalikda ushbu provinsiyaning Uxan va yana beshta boshqa shahridagi 14 ta universitetda tahsil olayotgan salkam 80 nafar talabalarni evakuatsiya qilish bo‘yicha bir necha bosqichli reja ishlab chiqdi. Unga muvofiq, fuqarolarimizning shaxsini va boshqa ma’lumotlarni aniqlashdan tortib, ularning ro‘yxatini tuzish va mahalliy transport kompaniyasini jalb qilgan holda talabalarni Uxan shahri aeroportiga olib kelishgacha bo‘lgan kompleks tadbirlar amalga oshirildi.

2020-yil 15-yanvarda elchixonada tezkor shtab tuzilganini va diplomatik missiyaning barcha xodimlari Xitoyning turli burchaklaridagi 2000 nafardan ortiq talabalarimiz bilan muloqotga chiqib, ularning har biri bilan yakka tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga faol kirishganini ta’kidlash o‘rinli.

Aynan ushbu maqsadda WeChat messenjerida yoshlarimiz orasida tushuntirish ishlarini muntazam olib borish, ularga ma’naviy-psixologik ko‘mak ko‘rsatish va sarosimaga tushishning oldini olish uchun alohida guruhlar ochildi.

Obyektiv sabablarga ko‘ra bunday nostandart sharoitlarda mazkur vazifalarni hech bir muammolarsiz hal qilish mumkin emasligi ham tabiiy holatdir. Ammo yengib bo‘lmas to‘siq bo‘lib ko‘ringan muammolar ham bartaraf etildi.

Eng asosiysi, umumiy sa’y-harakatlarimiz natijasida yuzlab talabalar mamlakatimizga salomat qaytdilar. Bu esa kelgusida ular o‘z o‘qishlarini davom ettirish maqsadida yana Xitoyga qaytishlarining muhim kafolati hisoblanadi. Ular bu yerda Vatanimizning yanada taraqqiy etishi uchun zarur bo‘lgan zamonaviy bilimlarni o‘qib-o‘rganib, yosh istiqbolli mutaxassislar sifatida O‘zbekistonga qaytishadi”, — deyiladi murojaatda.