Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Google

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda ichki ishlar idoralari xodimlari hamkorligida Ishtixon tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan fuqaro R.M. “Hizb ut-Tahrir” diniy-ekstremistik oqimning Qirg‘izistonlik rahnamosi bilan aloqada bo‘lib, uning ko‘rsatmasi bilan mazkur diniy-ektremistik tashkilot g‘oyalarini internet foydalanuvchilari orasida faol targ‘ib qilgani aniqlandi va ishga aloqador ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida olib qo‘yildi.

Navbatdagi holatlarda Oqdaryo tumani Loyish shaxarchasida istiqomat qiluvchi, 1990-yilda tug‘ilgan B.J. hamda Urgut tumani O‘roqboyjar qishlog‘ida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan X.S. “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi rahnamolarining ekstremistik mazmundagi materiallarini ijtimoiy tarmoqda virtual do‘stlariga tarqatib kelganliklari fosh etilib, ular qo‘lga olindi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.