Hukumatning 10-yanvardagi qarori bilan, xususiy mulk daxlsizligi masalasidagi bahsli qoidalar bo‘yicha nizom o‘zgartirildi. Mazkur o‘zgarish mohiyatini Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z Telegram-kanalida quyidagicha tushuntirdi.

Foto: Huquqiy axborot

“Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida hokimiyat va “uchar tadbirkor”lar aholi rozimi yo‘qmi, inobatga olmagan holda, “hududning arxitektura qiyofasini yaxshilash” niqobi bilan fuqarolarning uy-joylarini buzdirib, o‘zlariga foyda beradigan obektlarni qurib sotish bilan shug‘ullanib kelishayotgan edi.

Nizomga ko‘ra, qaysidir hududda fuqarolarning ko‘chmas mulklarini buzish hisobiga investitsiya loyihasini amalga oshirish kerak bo‘lsa, dastlab o‘sha joyning mulkdorlari bilan ochiq muhokama o‘tkazilishi kerak.

Endi nizomga o‘zgartirish kiritilib, o‘sha ochiq muhokama davomida investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan yer uchastkasida investitsiya loyihasi amalga oshirilishiga bitta mulkdor qarshi bo‘lgan taqdirda ham, mazkur hududda ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilibdi.

Bu, menimcha, fuqarolarning mulk daxlsizligini ta’minlash yo‘lidagi yaxshi amaliy qadam. Biz biznes yuritish, investitsiya oqimini kuchaytirish, eng muhimi, fuqaro va davlat o‘rtasidagi ishonchning mustahkamligida bu talab qanchalar zarur ekanligini ko‘rdik.

Endi bu kamchiliklarni kech bo‘lsa ham to‘g‘rilab, sudsiz yoki kompensatsiyasiz mulklaridan mahrum bo‘lib, yillab sarson yurgan fuqarolar oldidagi qarzimizni qoplashimiz kerak.

Darvoqe, yaqinda adliya vaziri Ruslan Davletov “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bilan Vazirlar Mahkamasining 911-son qarori bilan tasdiqlangan ushbu nizom bekor qilinishi haqida aytib o‘tgandi. Hozirda ushbu qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda”, deb yozgan deputat Rasul Kusherbayev.

Ma’lumot uchun, Jahon odil sudlov loyihasi xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan yuritiladigan reytingda (2021-yil hisobotida) O‘zbekiston mulklarni sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz musodara qilish bo‘yicha eng yomon natijalardan birini qayd etib kelmoqda.

2021-yil davomida O‘zbekistonda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan 3 mingdan ortiq mulkdorga jami 1 trillion 37 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya mablag‘lari to‘langan.

2022-yilda esa ushbu yo‘nalishdagi kompensatsiyalar uchun budjetdan 500 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.