Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton nomini qayta Ostona deb nomlash borasidagi arznoma salkam 150 ming imzo to‘pladi va ularning soni soat sayin ortib bormoqda. Tashabbusni Daniyar Burkutbayev ismli fuqaro “Egov.press” saytiga 11-yanvar kechasi joylashtirgan.

Google

“2019-yilning martida Qozog‘iston prezidentining qarori bilan mamlakatimiz poytaxti Ostona Nur-Sultonga o‘zgartirildi. Mazkur qaror ijtimoiy tarmoqlarda va oddiy odamlar hayotida salbiy qabul qilinadi, kundalik hayotda oldingi nomi qo‘llanmoqda. Jamiyatning kayfiyatini inobatga olgan holda Qozog‘iston prezidenti, hukumat va parlamentdan mamlakatga poytaxtning oldingi nomi — Ostonani qaytarishni so‘raymiz. Bundan tashqari, barcha shaharlardagi mahalliy boshqaruv organlaridan Nazarboyev nomi qo‘yilgan ko‘chalarga bizning davlatchiligimiz, birdamligimiz hamda mustaqilligimizni ifoda egadigan neytral nom berishlarini so‘raymiz. Masalan, Olmaota shahridagi Nazarboyev ko‘chasini Respublika katta ko‘chasiga o‘zgartirish mumkin”, – deyiladi petitsiyada.

Ta’kidlanishicha, bu kabi tashabbuslar so‘nggi kunlarda ko‘paygan. Xususan “Avazz.org” saytida ham xuddi shunday petitsiya paydo bo‘lgan. Ayni vaqtda uni 2 mingdan ortiq odam imzolagan.

Ma’lumot uchun, poytaxtni Olmaotadan Oqmolaga ko‘chirish to‘g‘risidagi qaror Qozog‘iston Respublikasi oliy kengashi tomonidan 1994-yil 6-iyulda qabul qilingan. 1998-yil 6-mayda Oqmola nomi Ostona deya o‘zgartirilgan. 2019-yilning martida Qozog‘iston prezidenti vazifasini bajarishga kirishgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat poytaxti Ostona Nur-Sulton nomi bilan atalishi kerakligini bildirgandi. O‘sha vaqtda ham mahalliy aholi poytaxtning nomini o‘zgartirish bo‘yicha petitsiya uyushtirgandi.