AQSh hukumati O‘zbekistonni 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan qutladi. AQSh Mudofaa vazirining Afg‘oniston, Pokiston va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rebekka Zimmerman Pentagondan turib, O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga eksklyuziv tabrik yo‘lladi.

Foto: RIA Novosti

Zimmermanga ko‘ra, O‘zbekiston suvereniteti va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash ikki davlat harbiy aloqalarining asosi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

“Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonni strategik hamkor sifatida qadrlaydi. O‘zbekistonning munosabatlarimizni kuchaytirish hamda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasini yuqori baholaymiz”, degan Pentagon rasmiysi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston armiyasi tashkil etilganidan buyon shu 30 yil mobaynida ikki mamlakat xavfsizlik sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ya olgan. Ikki davlat harbiylari muntazam ravishda qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadi va axborot almashadi.

Bu hamkorlikdan maqsad mintaqaviy va xalqaro tahdidlarning oldini olish, deydi Zimmerman. Jumladan, terrorizm va narkotik moddalari savdosiga qarshi kurashish, chegara xavfsizligini ta’minlash, xavfsizlik kuchlarining mahoratini oshirish va qonun ustuvorligini targ‘ib qilish ikkala tomon hamkorligining ustuvor vazifasi hisoblanadi.

AQSh 20 yil davomida Afg‘onistonda harbiy harakatlar olib borgan paytda O‘zbekiston unga yaqindan yordamlashgan va qo‘shni mamlakatda barqarorlikni ta’minlashda katta hissa qo‘shgan, deydi rasmiy.

Zimmermanning e’tirof etishicha, O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib Afg‘oniston tinch bo‘lmasa, Markaziy Osiyo ham tinch bo‘lmasligini tan olgan. O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun AQSh va uning mintaqadagi hamkorlari bilan mudofaa sohasida yaqindan birga ishlashda davom etmoqda.

“Terrorchilar Afg‘oniston hududidan AQSh yoki uning ittifoqchi hamkorlariga zarar yetkazish uchun foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Biz mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun har doimgidan ham ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lib, ularni ishga solishimiz zarur. Bilamiz, O‘zbekiston qo‘shnilari bilan bu borada sa’y-harakatlarni jadallashtirib, yetakchilik qilishda davom etadi. Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni quvvatlaydi”, deya fikr bildirgan Pentagon rasmiysi.