Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha joriy yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Ularning asosiy vazifasi – o‘z mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini ko‘paytirishdan iborat, dedi Shavkat Mirziyoyev o’z nutqida. Buning uchun, hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan xoli bo‘lishi, hech qaysi hokim yoki rahbar ularni majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan ‘ko‘mib tashlamasligi’ lozim. Hokimlar ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerak”, dedi davlatimiz rahbari yig‘ilishda.

Prezident shuningdek, aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyatni o‘rganib, mahallalar qiyofasi va ijtimoiy muhitini yaxshilash vazifasini qo‘ygan.

Bu ishlarni, avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan mahallalardan boshlash kerakligi, ulardagi yo‘llarni shag‘allashtirish, simyog‘ochlarni almashtirish, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va ta’mirlash lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, ushbu hududlarda ijtimoiy muhit, bog‘cha, maktab, shifoxona sharoitlarini yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni rozi qilishga ustuvor ahamiyat berish muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda 6 millionga yaqin doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha rejalar ham ko‘rib chiqildi.

Ayni paytda mutasaddilar yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan hisobot bermoqda.