Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan onlayn shakldagi video muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Foto: O’zA

Muloqotda qayd etilischa, so‘nggi uch yilda iqtisodiy faol ayollar soni 10 foizga oshdi. Davlat tashkilotlarida ishlayotganlarning 42,7 foizini ayollar tashkil etmoqda. Mamlakatda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida ular tomonidan 130 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yekti samarali boshqarib kelinmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning qariyb 40 foizi xotin-qizlardan iborat.

Ta’kidlanishicha, 2021-yilning 13-15 oktabr kunlari Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi Yevrosiyo ayollar forumida ishtirok etgan. Unda bildirilgan takliflar va kelishuvlarni tatbiq etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi yuzasidan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, unga ko‘ra O‘zbekistonning xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha tajribasini xalqaro keng targ‘ib etish hamda bu borada taqdimot tayyorlash vazifasi yuklatilgan.

Muhokamalar davomida ushbu taqdimot materiallarini tayyorlash yuzasidan mas’ullarga so‘nggi 3 yil davomida mamlakatda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ilg‘or tajribalar haqida ma’lumotlarni umumlashtirish, tahlil etish va belgilangan muddatlarda ishchi guruhga taqdim etish vazifasi topshirildi.