Vingsyut (qanotli kostyum) ishqibozi Sebastyan Alvares faol vulqon og‘ziga uchib kirdi va oradan bir necha soniya o‘tgach qaytib chiqdi. U tarixda bunday xavfli ishni qilgan birinchi odamga aylandi. Butun parvoz jarayoni tasvirga olinib, internetga joylashtirilgan.

Foto: Indoneziyaning vulqonli Merapi tog’i

Sebastyan Alvares ekstremal sportni va maxsus kostyumda soatiga 200 kilometrdan yuqori tezlikda uchishni yaxshi ko‘radi. Vaqti-vaqti bilan u butun dunyoga ushbu sport turi nihoyatda zavqli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib beradi. Uning aqlbovar qilmas yutuqlari do‘stlarini ilhomlantiradi.

Alvaresning so‘nggi yutug‘i vulqon og‘ziga uyushtirilgan birinchi muvaffaqiyatli parvoz bo‘ldi. Buning uchun Chilidagi Vilyarrika vulqoni tanlangan, dengiz sathidan 2847 metr balandlikda joylashgan vulqon stratovulqonlar guruhiga kiradi. U dunyodagi eng faol vulqonlardan biridir.

Vingsyut ishqibozining CNN telekanaliga aytishicha, u vertolyotdan sakrab tushganidan 40 soniya o‘tgach, o‘zini vulqon ichida ko‘rgan va bir necha soniyadan so‘ng undan xavfsiz uchib chiqqan. Parvoz ajoyib o‘tdi. Alvares havoga ko‘tarilishdan oldin juda ko‘p tahlil va hisob-kitoblarni amalga oshirgan. Zarracha xato ham unga qimmatga tushishi mumkin edi.