O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik sement ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lgan “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyatining 98,4 foiz aksiyalari sotuvga chiqarildi. Alisher Usmonovga aloqador kompaniya uning yangi egasiga aylanishi mumkin. Bu haqda Bugun.uz yozmoqda.

Foto: Youtube

Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan “Lamanka Enterprises Limited” “Ohangaronsement”ning 84,197 foiz aksiyasini 2021-yil 25-mayda 557,6 milliard so‘m evaziga sotib olgandi. Ofshordagi kompaniyaning haqiqiy benefitsiari, xususan, “Ohangaronsement”ning egalari ommaga ma’lum emas.

Ma’lum bo‘lishicha, sement zavodining “Lamanka Enterprises Limited”ga ayni paytda tegishli 84,3 foiz (4 142 899 dona) va “Giacinttar Limited”ga tegishli 14,1 foiz (694 444 dona) aksiyalari sotiladi. Sotilishi kutilayotgan aksiyalarning jami soni 4 million 837 ming 343 dona bo‘lib, bu korxona aksiyalarining 98,4 foizi degani. Har bir qimmatli qog‘oz 390 ming so‘mdan baholangan. Ya’ni sotilayotgan aksiyalarning umumiy qiymati 1 trillion 886 milliard 563 million 770 ming so‘mni tashkil etadi.

Bungacha Alisher Usmonov asos solgan “USM Holding”ga tegishli “Akkermann Cement CA” kompaniyasi “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyati afillangan shaxslari ro‘yxatiga kiritildi.

Ma’lumot uchun, affillangan shaxslar deganda korxona faoliyatiga ta’sir ko‘rsata oladigan yuridik yoki jismoniy shaxslar tushuniladi. Bundan tashqari, korxonani Alisher Usmonov bilan bog‘lab turgan yana bir jihat bor:

Hozirda “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Yuriy Usolsev hisoblanadi. “Davletovuz” Telegram kanali bergan ma’lumotga ko‘ra, u bir vaqtning o‘zida “Akkermann Cement CA” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ham rahbarlik qiladi. Bu jamiyat esa yuqorida ta’kidlanganidek Usmonov asoschiligida “USM Holding”ga qaraydi.

“Ohangaronsement” 2020-yilda 1 million 612 ming tonna mahsulot ishlab chiqargan.