Favqulodda vaziyatlar vazirligi dam olish kunlari tog‘li rayonlarga borishni rejalashtirgan fuqarolarni ogohlantirdi.

Foto: Regnum

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi “Chimyon” tog‘li zonasida 15-yanvar soat 8:00dan 16-yanvar soat 8:00gachach qor ko‘chkisi xavfi e’lon qilindi.

“Hurmatli fuqarolar! Ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishingizni va “Diqqat! Qor ko‘chishi xavfi mavjud” belgisi bilan cheklangan joylarga kirmaslikni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, bugun, 15-yanvar kunduz kuni O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan quruq va nam havo massasi, shuningdek, Volgabo‘yi hududlaridan nisbatan sovuq havo massasi kirib kelishi kutilmoqda.

Respublika hududlari bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlarida ayrim joylarda 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 10-15° iliqni tashkil etadi. 

Poytaxtda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi. Havo harorati 12-14° iliq bo‘ladi.

Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tuman tushadi. Ba’zi joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 2-7° iliq bo‘ladi.