Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan foydalanish tartiblarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Daryo

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan foydalanish tartiblarini yanada takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l  xaritasi” tasdiqlanadi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:

  • 2022-yil 1-martga qadar barcha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari hamda foydalanishdan chiqqan yer uchastkalari to‘g‘risidagi miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlarni milliy geografik axborot tizimiga kiritish ishlarini yakunlaydi;
  • fermer va dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun elektron tanlovga qo‘yiladigan bo‘sh turgan yer uchastkalarining konturlar kesimida ro‘yxatini shakllantirishni ta’minlaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

  • 2022-yil yakuniga qadar barcha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan foydalanish holatini kuzatib borish maqsadida onlayn-monitoring tizimini ishga tushirish;
  • mazkur tizimda har bir hudud va sub’yektlar kesimida yerlarning normativ qiymatini hisoblash va Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashuvini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda:

  • 2022-yil 1-martdan boshlab fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga ajratiladigan va suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladigan yer uchastkalari ro‘yxatini shakllantirishda muhandislik infratuzilmasi bilan ta’minlanganiga e’tibor qaratadi;
  • har bir yer uchastkasini elektron tanlov orqali ajratishdan oldin zarur infratuzilma obektlari hamda suv va elektr energiyasini hisoblash uskunalari hamda tashqi infratuzilmalar (jumladan, transformator, simyog‘ochlar) o‘rnatilishini ta’minlaydi;
  • 2022-yil 1-martgacha fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun ekin turidan kelib chiqqan holda suv iste’moli uchun haq to‘lash tartibini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi va amaliyotga joriy etadi.