Bugun, 15-yanvar kuni Rossiyaning Kollektiv xafvsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar kuchlari tarkibidagi harbiylari Il-76 va An-124 samolyotlarida Qozog‘istonni tark etdi. Bu haqda RF Mudofaa vazirligi xabar qildi.

Foto: RIA Novosti

“Rossiyaning Qozog‘istondagi KXSHT Kollektiv tinchlikparvar kuchlari tarkibidagi bo‘linmalari harbiy texnikalarni Il-76 va An-124 harbiy samolyotlariga yuklab, Olma-otadan uchib ketdi”, -deyiladi xabarda.

O‘n beshta Il-76 va uchta An-124 samolyotlari tinchlikparvar kuchlari va havo-desant bo‘linmalarining shaxsiy tarkibi hamda jihozlarini Ivanovo va Moskva viloyatlari ayerodromlariga yetkazib beradi. Keyin tinchlikparvar kuchlar doimiy joylashtirish punktlariga qaytadilar.

Joriy yilning 13-yanvar kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istondan chiqishni boshladi.

Ma’lum qilinishicha, KXSHT kuchlarining Qozog‘istonni tashlab chiqib ketishiga 10 kun ketadi. Bungacha Belarus va Armaniston harbiylari mamlakatni tark etgan.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To‘qayev joriy yilning 5-yanvar kuni mamlakatdagi tinch namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketishi ortidan o‘zi a’zo bo‘lgan KXSHTdan harbiy yordam so‘ragandi. Shundan so‘ng, 6-yanvart kuni KXSHTning tinchlikparvar kuchlari nomi ostida Rossiyaning 3000, Belarusning 500, Tojikistonning 200, Qirg‘izistonning 150, Armanistonning 100 nafar harbiysi Qozog‘istonga kiritilgan edi.