O‘zbekiston aeroportlarida koronavirus uchun majburiy test joriy etildi. Uzbekistan Airports’ga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan joriy qilinayotgan majburiy test sinovlari faqat O‘zbekistonga kelganlarga tegishli.

Foto: Gazeta

Qayd etilishicha, COVID-19’ga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2022-yil 11-yanvardagi bayonnomasiga asosan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining aniqlangan holatlari ko‘payishi va “omikron” shtammi aniqlangani munosabati bilan O‘zbekistonda karantin choralarini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.  

Xususan, 15-yanvardan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi xizmati bilan birgalikda O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarning uchib kelish zallarida ekspress-test punktlarini tashkil etadi. Kelgan barcha fuqarolar koronavirus uchun ekspress testdan o‘tishlari kerak. Test sinovidan o‘tish qiymati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi bo‘yicha so‘m ekvivalentida 5 AQSh dollari miqdorida belgilanadi. Talabalik guvohnomasi bo‘lgan talabalarga 50% chegirma beriladi. I va II guruh nogironlari test sinovlarini bepul topshiradi. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni kovid uchun tekshirish shart emas. 

“Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonga kelganlarning barchasi aeroportlarda majburiy ekspress-testdan o‘tkaziladi. Sinovlar Davlat bojxona qo‘mitasining markaziy laboratoriyasi tomonidan o‘tkaziladi. Barcha aeroportlarda buning uchun maxsus zonalar mavjud, ular maxsus to‘siqlar bilan ajratilgan, kartalar bilan to‘lovlarni qabul qilish uchun terminallar, naqd pul olish uchun bankomatlar va valyuta ayirboshlash punktlari mavjud. Aeroportlar imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, sinov zonalari pasport nazoratidan o‘tishdan oldin yoki o‘tgandan keyin tashkil etiladi”, degan “O‘zbekiston aeroportlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Javlon Umarxo‘jayev. 

To‘lovni amalga oshirib, kvitansiyani olgan yo‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sinovga yuboriladi, shundan so‘ng pasportga shtrix-kod yopishtiriladi. Sinov natijalarini olish uchun taxminan 15 daqiqa vaqt ketadi. Bu vaqt ichida yo‘lovchi yuk olib, bojxona nazoratidan o‘tishga ulgurishi mumkin. Terminaldan chiqishda shtrix-kod skanerdan o‘tkaziladi va yo‘lovchi tezkor koronavirus testi natijasini oladi. Agar test ijobiy natija bergan bo‘lsa, yo‘lovchi izolyatsiyaga yuborilishi kerak. 

Eslatilishicha, hozirda aviakompaniyalarda 48 soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqt oldin berilgan PZR testining salbiy natijasi to‘g‘risidagi guvohnoma jo‘nashdan oldin mavjud bo‘lishi haqida qoida mavjud.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, bugungacha Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mas’ul idoralar tomonidan Respublikasi maxsus komissiyasi 11 yanvar kuni yig‘ilish o‘tkazgani va unga ko‘ra, aeroportlarda ekspress test topshirish majburiy qilib belgilangani xususida hech qanday rasmiy axborot berilmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bor Respublika maxsus komissiyasining majlisi va unda qabul qilingan qarorlar xususida 9-yanvar kuni axborot bergan. Unda quyidagilar belgilangan: 

  • xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilar kelishidan kamida 48 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichli ma’lumotga ega bo‘lishi; 
  • koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega ma’lumotnoma bo‘lmaganda, aeroport, temir yo‘l vokzallari va chegara o‘tkazish punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress test topshirishi shart.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mas’ul idoralarning axborot bermaganiga qaraganda, “O‘zbekiston aeroportlari” aytayotgan qaror hech qayerda e’lon qilinmagan. Bundan chiqdi u yopiq eshiklar ortida, kimningdir foydasi uchun qabul qilingan degan shubhaga borish o‘rinli.