Toshkent viloyatida 240 MVt quvvatga ega yangi issiqlik elektr stansiyasi mamlakatning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Foto: Sputnik

Qayd etilishicha, bugun, 14-yanvar kuni Qibraydagi quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshlagan.

Ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,0 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Ma’lum qilinishicha, qurilmalarning foydali ish koeffitsiyenti yuqoriligi hisobiga, yiliga 290 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Umumiy qiymati 150 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.

Ma’lumot uchun, mazkur elektr stansiya “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan respublikamizda ishga tushirilgan ikkinchi IES xisoblanib, birinchisi joriy yilning 11-yanvar kuni Buxoro viloyatida (quvvati 270 MVt) ishga tushirilgan edi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Buxoroda 150 mln. dollarlik IES elektr quvvati uzatishni boshlagani xabar berilgandi.