Afg‘onistonning shimoliy Faryob viloyatida 13-yanvar kuni yuzlab odamlar ko‘chaga chiqib, Mudofaa vazirligi tomonidan hibsga olingan “Tolibon”ning taniqli o‘zbek qo‘mondoni Maxdum Alamni ozod qilishni so‘radi. Bu haqda “Khaama Press” xabar berdi.

Foto: “Khaama Press”

Ma’lum qilinishicha, Maxdum Alam Mudofaa vazirligi tomonidan Balx viloyatida hibsga olingan. Faryob shahrida to‘plangan namoyishchilar o‘zbek qo‘mondoni etnik asosda hibsga olinganini aytgan. Ular agar qo‘mondon Afg‘oniston Islom Amirligi tomonidan ozod etilmasa, kelajakda ommaviy namoyishlar bo‘lishidan ogohlantirgan.

Afg‘oniston islom amirligi hozircha bu masalaga izoh bermagan. O‘z navbatida, “Tolibon” matbuot kotibi o‘rinbosari Bilol Karimiy Faryobdagi namoyishlar nazoratga olganini yozgan. Ta’kidlanishicha, namoyishda ishtirok etayotgan o‘zbek toliblar pushtun toliblarga qarashli 12,7 millimetrli pulemyot va avtomatni tortib olgan. Shuningdek, pushtun toliblari qurolsizlantirilib, Faryobdan olib chiqilgan. Qayd etilishicha, pushtunlarni olib chiqish to‘g‘risidagi qaror o‘zbek jamiyati, viloyat hokimi va politsiya boshlig‘i o‘rtasidagi kelishuv asosida qabul qilingan.

Hozirda Maxdum Alamni ozod qilish haqida xabarlar yo‘q. Faryob o‘zbeklari agar bu amalga oshmasa, Kobuldagi “Tolibon”ga bo‘ysunishni to‘xtatishini aytgan.

Avvalroq, “Tolibon” O‘zbekistonni afg‘on samolyot va vertolyotlarini qaytarishga chaqirgani haqida xabar bergan edik.