O‘zbekistonga keluvchilarga “omikron” shtami tarqalishining oldini olish uchun qator cheklovlar joriy etildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: RIA novosti

Qayd etilishicha, 15-yanvardan boshlab O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolar (avtomobil harakati bundan mustasno) kirishidan kamida 48 soat oldin PZR test natijasini taqdim etishi, shuningdek, koronavirus infektsiyasi mavjudligini aniqlash uchun ekspress antigen testini topshirishi shart.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston hududidan chegara avtomobil o‘tkazish punktlari orqali kirib kelayotganlar uchun ham ushbu tartib amal qiladi. Qolaversa, o‘zbekistonliklar, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari So‘x, Shohimardon, Cho‘ng‘ara, Toshtepa, Bunyodkor, Jomiy va Qardoshlik aholi punktlari hududiga kirish va chiqish hamda tranzit orqali o‘tishida koronavirus infektsiyasi uchun barcha turdagi testlarni topshirishi talab qilinmaydi.

Ta’kidlanishicha, 15-yanvardan O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasini ikki davlat fuqarolarining kesib o‘tishi vaqtincha to‘xtatiladi. Quyidagi toifadagi shaxslar bundan mustasno:

  • havo yo‘llari orqali kiruvchi barcha toifadagi fuqarolar;
  • vataniga qaytgan O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari (keyingi o‘rinlarda tomonlarning fuqarolari deb yuritiladi);
  • hukumatlararo kuryerlik aloqasi xodimlari;
  • xalqaro yuk tashishni amalga oshiruvchi haydovchilar;
  • rasmiy (hukumat) delegatsiyalari tarkibida bo‘lgan shaxslar;
  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolari;
  • Qozog‘iston hududida joylashgan O‘zbekiston ob’ektlari, shuningdek, O‘zbekiston hududida joylashgan Qozog‘iston ob’ektlarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar;
  • ushbu davlatlarda investitsiya loyihasi doirasida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘iston fuqarolari;
  • O‘zbekistonda doimiy yashovchi Qozog‘iston fuqarolari, shuningdek, Qozog‘istonda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari;
  • o‘qish maqsadida bo‘lgan tomonlarning fuqarolari;
  • og‘ir kasal bo‘lgan yaqin qarindoshlarini ko‘rish yoki yaqin qarindoshlarining dafn marosimida qatnashish maqsadida tibbiy maqsadda kiruvchi (ketayotgan) tomonlarning fuqarolari;
  • vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadini Qozog‘iston hududida va Qozog‘iston fuqarolarining O‘zbekiston hududida hamrohlik qilayotgan tomonlar fuqarolari.

Avvalroq O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari mamlakatning Qozog‘iston bilan chegarasi shtat rejimida qo‘riqlanayotganini ma’lum qilgandi.