Poytaxtda 23 yoshli ayol 2021-yilda tug‘ilgan farzandini 9 000 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo‘yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar berdi. 

Foto: Goole

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari va DXX xodimlari tadbir o‘tkazgan. 

Tadbirda hali turmushga chiqmagan ayol farzandi uchun talab qilingan 9.000 AQSh dollarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

“2020-yilda Namangan viloyatidan Toshkent shahriga ishlash uchun kelgandim. O‘sha yilning noyabrida homilador ekanligim haqida bildim. 2021-yilning yozida ijarada birga yashab turgan tanishim homiladorligimni ko‘rib, homilam to‘g‘risida so‘radi. Homilamni oila-a’zolarim bilmasligini, yashirib yurganimni aytdim. Xonadoshim “bolani tug‘ib, menga ber. Evaziga 15 000 AQSh dollari beraman”, dedi. Dastlab taklifini rad etib, o‘zimning tug‘ishgan opam farzandsiz ekanini tushuntirib, tug‘ilajak farzandimni opamga berish niyatim borligi aytdim. Shunga qaramay u “taklifimni uylab ko‘r”, dedi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, xonadoshim yana bolani sotib olish taklifi bilan murojaat qildi. “Hozirda 15 000 AQSh dollarim yo‘q. 10 000 AQSh dollarim bor. Shu narxga sota qol”, dedi. Taklifiga javoban bolani tuqqanimdan keyin javob berishimni aytdim”, degan ayblanuvchi.

2021-yilning avgust oyida bola tug‘iladi. Xaridor bolani onasini 9000 dollarga sotishga ko‘ndiradi.

Shuningdek, bolaning hujjatlari yo‘qligi tufayli hujjat ishlari bitgunicha ayol pulni olgani xususida tilxat yozib beradi.

“Hozirgi kunda farzandim bolalar uyida. Qilmishimdan pushaymonman. O‘zimga tegishli xulosalar chiqardim”, degan ayol.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Namanganda hali tug‘ilmagan, besh oylik farzandini ming dollarga pullamoqchi bo’lgan ayol ushlangani xabar berilgandi.