2021-yil yakunlariga ko‘ra, Respublika tovar-xom ashyo birjasining “Avtoraqam.uzex.uz” veb-saytida 298,8 mlrd. so‘mlik 139,4 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksionlar orqali sotildi.

Foto: Google

Ma’lumotga ko‘ra, avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 40 foizga, hajmi bo‘yicha 21 foizga o‘sdi.

Bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,1 million so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, sotilgan avtoraqamlarining 91 foizi jismoniy shaxslar tomonidan, 9 foizi yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. O‘tgan davrda sotilgan avtoraqamning minimal qiymati 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqami esa 441,5 million so‘mni tashkil etdi.

Tanlov savdolari natijasida, yakunlangan bitimlarning 37 foizi yuqori darajadagi avtoraqamlar, 22 foizi 2-toifa, 13 foizi 3-toifa, 9 foizi 4-toifa, 9 foizi 5-toifa va 10 foizi 6-toifali litsenziyalar uchun tuzilgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (48 foiz), Samarqand va Farg‘ona (har biri 8 foiz), Namangan va Andijon (6 foiz), shuningdek, Buxoroda (5 foiz) xarid qilingan.

Avvalroq bir haftada auksion orqali 6 mlrd. so‘mlik avtoraqamlar sotilgani xabar berilgandi.