Joriy yilning 12-yanvar kuni O‘zbekiston Transport vazirligida xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha o‘zbek-tojik qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: “Toshshahartransxizmat” axborot xizmati

O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari A.Mo‘minov hamda Tojikiston transport vaziri o‘rinbosari Sh.Saidmurodzoda rahbarligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlari sohasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik holati haqidagi axborot bilan bo‘lishdi. Ular, shuningdek, bu sohada imzolangan kelishuvlarning amalga oshirilishi qanday borayotganini muhokama qilishdi.

Yig‘ilishda tomonlar koronavirus pandemiyasi sabab bugungi kunda to‘xtab qolgan avtobus qatnovlarini qayta tiklash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, “O‘zbekiston – Tojikiston – Xitoy” transport koridorini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi avtobus qatnovi 26 yillik tanaffusdan so‘ng 2018-yilning 15-may kunidan boshlab tiklandi. Ammo 2020-yil 16-martdan koronavirus pandemiyasi sababli avtomobil qatnovi cheklandi, 1 sentyabrdan boshlab esa cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlana boshlandi.