AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Iroq parlamenti spikeri Muhammad Al-Xalbusiyni qayta lavozimiga saylangani bilan tabriklaganidan so‘ng AQShning Bag‘doddagi elchixonasi raketa hujumiga uchradi. Bu haqda The Natioanal News xabar berdi.

Foto: Lenta

AQSh elchixonasining ma’lum qilishicha, Iroq xavfsizligi, suvereniteti va xalqaro munosabatlariga putur etkazishga uringan terroristik guruhlar tunda elchixonaga hujum uyushtirgan.

“Biz uzoq vaqtdan buyon bunday qoralanuvchi hujumlar nafaqat diplomatik muassasalarga, balki Iroq suverenitetiga hujum ekanini aytib kelganmiz”, deb yozadi AQSh elchixonasi o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

xavfsizlik xodimining so‘zlarida ko‘ra, uchta raketaning ikkitasi urib tushirilgan, uchinchisi esa AQSh elchixonasi yaqinidagi Yashil zonadagi maktabga kelib tushgan. Hujum oqibatida o‘lim holatlari qayd etilmagan, ammo bir ayol va bola jarohat olgan.

Ta’kidlanishicha, raketalar janubiy Dora tumanidan uchirilgan. Iroq prezidenti Barham Solih hujumni qoralab, bu jinoyatlarga qarshi qattiq turish uchun birlashishga chaqirgan.

“Diplomatik missiyalarni nishonga olish va tinch aholini xavf ostiga qo‘yish jinoiy va terroristik harakat bo‘lib, Iroq manfaatlari va xalqaro obro‘siga daxl qiladi”, degan janob Solih Twitter’dagi bayonotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar 2021-yilgi saylovlardan keyin yangi hukumatni shakllantirish jarayonini kechiktirishga qaratilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iroqdagi Unami nomi bilan tanilgan maxsus missiyasi prezidentning bayonotini mustahkamlab, “elchixonalarni nishonga olish, iroqlik tinch aholiga jarohat etkazish mamlakatni beqarorlashtirishga qaratilgan shafqatsiz urinishdir.

Qayd etilishicha, raketa hujumlari AQSh davlat kotibi Blinkenning janob Al-Xalbusiyga qilgan tabrik qo‘ng‘irog‘i ortidan sodir bo‘lgan.