Hindistonga davolanish uchun borgan o‘zbekistonlikni yurtdoshi chuv tushirdi, deb xabar berildi “Yangi davr” ko‘rsatuvida.

Foto: Google

Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Angor tumanida yashovchi O.T. 2021-yil boshida jigar serrozi bilan og‘rigan. Turmush o‘rtog‘i esa unga o‘z jigarini bermoqchi bo‘lgan. Ular qarindosh-urug‘ining moddiy yordamidan tashqari, yer uchastkalarini sotib, sog‘lig‘ini tiklash uchun Hindistonga borgan.

“6-iyul kuni bordik. Hamma analizlarni topshirdik. Shu payt koronavirusga chalinib qoldim, og‘ir ahvolda o‘tdi. 25 kun ‘postelniy’ rejimda yotdim”, degan erkak.

Ular koronavirusdan davolangani uchun xorijdagi kasalxonadan 250 million so‘m qarz bo‘lib qolgan. O‘zlarida imkon yo‘qligi sabab jamoatchilikdan moddiy yordam so‘ragan. Bu orqali hisobiga 6 million so‘m tushadi.

“Bir kuni o‘zini I. deb tanishtirgan shaxs telefon qildi. Sizlarga yordam beraman, operatsiya xarajatlarini to‘layman, dedi. Faqat foizini to‘lab berishimiz kerak ekan, 14 million so‘m so‘radi. Bizda esa 6 million so‘m bor edi, xolos. Shu pulni plastik kartasiga o‘tkazib berishga kelishdik. U esa dushanba kuni 250 million so‘m berishini aytdi. Pulni o‘tkazdim. U esa telefonini o‘chirib oldi”, degan jabrlanuvchi.

Olib borilgan tezkor tadbirda o‘zini I. deb tanishtirgan shaxs aslida Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Chordara” mahallasida yashovchi, ishsiz O‘.Sh. (1992-yilda tug‘ilgan) ekani aniqlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.