Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar Vatan himoyalachilari kuni bilan bayram tabrigini yo’lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Uzreport

Avvalo, o‘z hayotini ona yurtimizni himoya qilishdek ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shu qutlug‘ ayyomda jonajon Vatanimizga sadoqat, azmu shijoat kabi el-yurtimizga xos yuksak fazilatlarning qadr-qimmati va ahamiyatini, ular hayotimizda tobora mustahkam o‘rin egallab borayotganini yanada teran anglaymiz va o‘zining jangovar faoliyati bilan buni amalda isbotlab kelayotgan sizdek g‘oyat olijanob kasb egalarini sharaflaymiz.

Shu bilan birga, jangovar burchini ado etishda mardlarcha halok bo‘lgan fidoyi harbiy xizmatchilarimizning nurli va so‘nmas xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz.

Shu ma’noda, muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq, el-yurt himoyasi yo‘lida metin qalqon bo‘lgan mard va jasur harbiylarimiz O‘zbekistonning chinakam vatanparvar bahodirlari, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Xalqimiz o‘zining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Shavkat Mirziyoyev
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti