O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev bugun, 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi kengaytirilgan yig‘ilishida Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning KXSHT yig‘ilishida aytgan gaplariga munosabat bildirdi. 

Foto: Aziza Qurbonova

“Kuni kecha ba’zi davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealardan saboq chiqarishi lozimligi haqida asossiz bayonot berildi.

Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka bo‘lgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. 

Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz”, dedi davlat rahbari.

Eslatib o’tamiz, avvalroq KXSHTning navbatdan tashqari sammitida ishtirok etgan Belarus Prezidenti Qozog‘istondagi vaziyatdan avvalo O‘zbekiston saboq chiqarishi kerakligini, ekstremistlar diqqati Markaziy Osiyoning o‘rtasidagi davlatga qaratilganini aytgan edi.