Ijtimoiy tarmoqlarda “Qashqadaryoda sud jazo tayinlashda boshqa hududdagi sudlardan farqli o‘laroq “vahshiyroq” chiqib qoldi” sarlavhasi ostida xabar tarqaldi.

Foto: Sof UZ

Unga ko’ra, 500 ming so‘m pora bilan qo‘lga olingan shifokor 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Telegramdagi “Kompromatuzb” kanali manbasining xabar berishicha, 2017-yil sentabrdan buyon Qashqadaryo viloyati Kitob tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan E.B. 500 ming so‘m pora olinganlik aybi bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, tumandagi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron deb topish komissiyasi raisi ham bo‘lib faoliyat yuritgan E.B. tug‘ma yurak xastaligi bilan tug‘ilgan 2 yoshli bolani nogironlik nafaqasiga chiqarib berish evaziga 600 ming so‘m pul mablag‘larini talab qilgan va shundan 500 ming so‘mini olayotganda qo‘lga olingan.

“Biz shifokorni mutloqo oqlamoqchi emasmiz, shundoq ham dard bilan yashayotgan bir oilaga jabr qilgan, lekin negadir sud ushbu holatda ko‘proq jazo tayinlaganday nazarimda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tumani sudi tomonidan Qarshi shahar sudi binosida o‘tkazilgan sud ishida Bosh shifokor o‘rinbosari 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, 2 yil mansabdorlik lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilingan”, deb yozadi kanal muallifi.

Ushbu xabar yuzasidan Omma.uz muxbiri dastlab Jinoyat ishlari bo’yicha Kitob tumani sudining matbuot xizmati bilan bog’lanishga urindi. Tuman sudi ushbu xabarni tasdiqladi, lekin nashr so’roviga asosan rasmiy ma’lumot taqdim etishdan bosh tortdi.

Eslatib o’tamiz, aynan Kitob tumanida 1,5 mln. so‘m pora olgan o‘qituvchi ham 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingani internetda juda muhokama bo‘lgan edi.