Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Nazarbek QFYda bog‘cha qurilishi lozim bo‘lgan yer tadbirkorga noqonuniy berib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Senat matbuot xizmati

11-yanvar kuni Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi O.Iminov, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.Qodirxonova bu borada kelib tushgan murojaatni ko‘rib chiqish maqsadida Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi holatni bevosita joyida o‘rgangan. Ushbu masalani hal qilish maqsadida mutasaddilar, mahalla, ichki ishlar organlari, hokimiyat vakillari ham taklif etilgan.

O‘rganish natijasida sud qarori bo‘lishiga qaramasdan, tadbirkorga berib yuborilgan yerda qurilish ishlari boshlangani aniqlangan. Ushbu qurilish ishlari noqonuniy deb topilib, vaqtincha to‘xtatilgan.

Shuningdek, bu masala tegishli tartibda qayta ko‘rib chiqilishi, ushbu hududda maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilishi ta’kidlangan.