Andijon viloyati Asaka tumanida fuqaro MIB xodimini haqorat qilib, unga pichoq bilan jarohat yetkazdi.

Foto: Skrinshot

MIB Andijon viloyat boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining 2021-yil 21-oktabrdagi ijro varaqasiga ko‘ra, qarzdor A.J. tomonidan Asaka tumani, Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan avtoshohbekatning yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan kutish qismida o‘zboshimchalik bilan qurib olingan savdo do‘koni qurilmasi o‘zining hisobidan majburiy tartibda buzdirilishi belgilangan.

Mazkur sud qarori ijrosi bo‘yicha byuroning Asaka tuman bo‘limi davlat ijrochisi X.Mehmonov tomonidan 20-noyabr kuni ijro ishi yuritish uchun qo‘zg‘atilib, sud hujjati talabini bajarish haqida qarzdor bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, qonuniy talablarni bajarmagan. 22-dekabr kuni o‘tkazilgan majburiy ijro harakatlarida A.J. ishtirok etmagani sababli boshqa kunga qoldirilgan.

25-dekabr kuni A.J.ga nisbatan sud qarori ijrosini ixtiyoriy bajarmaganligi sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1-moddasi (qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi)ga asosan 540 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.

2022-yilning 11-yanvarida noqonuniy qurilmani buzish uchun vakolatli idoralar vakillari ishtirokida majburiy ijro harakatlari o‘tkazilgan. Ijro harakatlari davomida qarzdorning o‘g‘li S.J. do‘konda bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan taraflarni qo‘rqitib, davlat ijrochisi X.Mehmonovga tan jarohati yetkazgan. Natijada majburiy ijro harakatlari boshqa kunga qoldirilgan.

Ayni paytda mazkur holat bo‘yicha Asaka tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.