Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: RIA Novosti

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, DXX hamda Bojxona boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida, Buxoro shahar “Piridastgir” ko‘chasida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan I.S. ismli shaxs tanishiga 4 dona polietilen bo‘lagiga alohida qadoqlangan holdagi, sof vazni 3,73 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi “Gashish” giyohvandlik vositasini 6.000.000 so‘mga baholab sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida gumon qilinuvchi I.S. xaridorga “Tropikamid” va “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini ham yetkazib berishi lozimligi va ushbu psixotrop moddalar Toshkent shahridan yetib kelishi kutilayotganligi maʼlum bo‘lgan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, G‘ijduvon tumani “Sarmijon” YPX maskanida “Toshkent-Buxoro” yo‘nalishida harakatlanib kelgan Q.A. boshqaruvidagi oq rangli “Malibu” rusumli avtomashina to‘xtatilib xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashina salonidan jami 472 dona “Tropikamid” yozuvli va har birida 14 donadan bo‘lgan 119 pachkadagi, 1666 dona “Regapen” yozuvli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

“Malibu” avtomashinasi haydovchisi Q.A. ushbu dori vositalarini Toshkent shahridan o‘ziga notanish shaxsdan qabul qilib olib, Buxoro shahrida yashovchi I.S. ga yetkazib berishi lozimligi maʼlum bo‘lgan.

Bundan tashqari tezkor tadbir davomida gumon qilinuvchi I.S.ning yonidan bir pachkada 14 dona “Perge pregabolin” yozuvli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi ham borligi aniqlanib, barcha ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilar qamoqqa olingan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.