Yuzga yaqin odamlarni to‘plagan fuqarodan 7 dona xo‘roz ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Foto: Postda

Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 9-yanvar kuni soat 15:00larda IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tadbir davomida 40 yoshli A.G. Yuqori Chirchiq tumani Istiqlol mahallasidagi yashash xonadonida yuzga yaqin odamlarni to‘plagan holda qimor va tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz urishtirish o‘yinini qonunga xilof ravishda tashkil etib kelgan.

Xolislar ishtirokida A.G.dan 300 ming so‘m pullar va hodisa joyidan 7 dona xo‘roz ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.G. ga nisbatan JKning 278-moddasi 1-qismi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.