Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva mamlakatda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealardan juda xavotirda ekanini aytib, otasini qo‘llab-quvvatlagan Qozog‘iston xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Foto: Aziya-Plyus

“Yurakda og‘riq bilan yurtimizdagi fojiali voqealardan xavotir olmoqdaman. Barcha qurbonlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiraman. Barchamiz uchun shafqatsiz bo‘lgan bu saboq tariximizdagi so‘nggisi bo‘lishiga umid bildiraman. Sizga qo‘llab-quvvatlagan so‘zlaringiz uchun ham rahmat aytaman. Ayni damda otamni ma’naviy qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat aytaman, u shu kunlarda turli viloyatlar aholisidan ko‘p xabarlar olmoqda”, deb yozgan u Facebook sahifasida. 

Qozog‘istonning sobiq Prezidentining kenja qizi 41 yoshda. U biznes, ijtimoiy faoliyat, xayriya va kino ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 2017-yilning noyabr oyidan buyon mamlakatda tashkil etilgan Ekologik tashkilotlar uyushmasi rahbari lavozimini egallab keladi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi va Senat sobiq raisi Darig‘a Nazarboyeva koronavirusga chalingani haqida xabar bergan edik.