Rossiyaning Novosibirsk viloyati Sosnovka qishlog‘idagi tashlandiq yo‘lning yoqasida tuxum qutisiga tashlab ketilgan chaqaloq topib olindi.

Foto: Google

O‘smirlar go‘dakni havo harorati -20 darajagacha tushib ketgan vaqtda, kechasi topib olishgan. Vaziyatdan xabar topgan ota-onalardan biri chaqaloqni darhol shifoxonaga olib borgan.

Qayd etilishicha, chaqaloqning jinsi qiz bola va hozirda uni tashlab ketgan onasiga nisbatan jinoyat ishi ochilib, qidiruvga berilgan. 

O‘smirlardan birining ota-onasi chaqaloqni boqib olmoqchi ham bo‘lgan, ammo ulardan bolaning haqiqiy ota-onasi topilgunicha kutib turish so‘ralgan. 

Bolalar yo‘l chetida yotgan karton qutiga telefon chirog‘ini tutib qarashganida, adyolga o‘ralgan chaqaloq va uning yonidagi bo‘sh ichimlik idishiga ko‘zlari tushgan. Shundan so‘ng o‘g‘lidan voqea haqida xabar topgan ota rafiqasi bilan voqea joyiga yetib borib, chaqaloqni o‘z mashinasida shahar shifoxonasiga olib ketgan. 

Ma’lum qilinishicha, tashlab ketilganida tug‘ilganiga endigina 3 kun bo‘lgan qizaloqning ahvoli ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordamdan keyin yaxshilangan.