Toshkent viloyati va shahrida turli nomdagi dorilarni 16 ming AQSh dollari va 82 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Davlat bojxona qo’mitasi axborot xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Zangiota tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.A. dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritish orqali pul ishlashni ko‘zlagan. U chet elda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjati bo‘lmagan 3 ming 199 quti “Envit” va 5 ming quti “Deksametazon” nomli dori vositalarini fuqaro A.ga 16 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, departament hamda DXXning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan Toshkent shahar IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.Yu., A.H. va boshqalar oldindan til biriktirib, tegishli hujjati bo‘lmagan 18 turdagi jami 29 ming 123 dona turli dori vositalarini 82 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186 hamda 3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati o‘tkazilmoqda.