Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Qayd etilishicha, shu yilning 8-yanvar kuni Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Chimkent ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi F. Uzaqov tomonidan “Damas” rusumli avtomobil haydovchisi to‘xtatilgan.

Tekshiruv davomida transport vositasining oynalari ruhsatnomasiz qoraytirilganligi (tonirovka qilinganligi) aniqlangan va haydovchi A.A.ga belgilangan tartibda bayonnoma tuzilib, avtomobil vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng haydovchi chora ko‘rilmasligi evaziga YPX xodimiga 300 (uch yuz) AQSh dollar miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.

Xodim ushbu holat yuzasidan IIV ShXBB Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlariga xabar berib, pora taklif etayotgan haydovchiga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Holat yuzasidan 11 yanvar kuni soat 17:30 larda, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbir davomida, fuqaro A.A. YPX xodimiga 3.000.000 (uch million) so‘m miqdoridagi pullarni chora ko‘rilmasligi evaziga pora tariqasida berayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.