Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer agar Telegram messenjerida ultrao‘nglar va kovid-cheklovlarga qarshilar mamlakat qonunlarini buzishda davom etadigan bo‘lsa, messenjer bloklanishi mumkinligini aytdi.

Foto: RIA Novosti

“Bloklash jiddiy qaror va oxirgi chora bo‘ladi. Ungacha boshqa imkoniyatlardan foydalanishga urinib ko‘ramiz”, degan u.

Fezerning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya rahbariyati Yevroittifoqning boshqa mamlakatlari bilan Telegram uchun muvofiqlashtirish choralarini joriy etishni muhokama qiladi.

O‘tgan yil yozida Germaniya adliya vazirligi Telegram maydonidagi shubhali kontentlar ustidan shikoyat qilish bo‘yicha aniq tartib yo‘qligi va servis ma’muriyati bilan muloqot o‘rnatib bo‘lmasligi borasida e’tiroz bildirgandi. 

Berlin kompaniyadan Germaniya hukumati bilan hamkorlik qilish, noqonuniy kontentlarni o‘chirish va maxsus xizmatlarga zarur ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilgan. Kompaniya ofisi bu talabga javob qaytarmagan.