Qirg‘izistonda koronavirusning “omikron” shtammi qayd etilib, koronavirusning to‘rtinchi to‘lqini boshlandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

“Milliy ftiziatriya markazi koronavirus shtammini aniqlash uchun sekvensiya o‘tkazdi. Yanvar oyi boshida Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganlar orasidan namunalar olindi va ularning ikkitasida “omikron” shtammi borligi aniqlandi”, – deyiladi xabarda.

Qirg‘izistonda bir kunda 465ta yangi COVID-19’ga chalinish holati qayd etilgan. Bu so‘nggi 5 oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. 

Yangi “omikron” shtammi tufayli Qirg‘iziston o‘tgan yilning 1 dekabridan boshlab, emlangan yoki emlanmaganidan qat’i nazar, mamlakatga tashrif buyuruvchi barchaga majburiy PZR testini joriy qilgandi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 7-yanvar kuni O‘zbekistonda koronavirusning “omikron” shtammiga chalingan ilk bemor aniqlangan edi.